Bu qanday ishladi? MAAN taxallusli mustaqil dasturchi hech kim kutmagan narsani qildi — Nvidia'ning eng yangi DLSS 5 neyron tarmog'ini to'g'ridan-to'g'ri veb-brauzerda ishga tushirdi. Buning uchun u zamonaviy WebGPU texnologiyasidan foydalandi va natijada atigi 147 MB hajmdagi demo versiyasini yaratdi — Tom's Hardware yozishicha, demo Cloudflare Workers orqali joylashtirilgan. Nega bu ajablanarli? Odatda DLSS Nvidia'ning o'z NGX interfeysi yoki Streamline SDK orqali, faqat DirectX va Vulkan'da ishlaydi — rasmiy hujjatlarda WebGL yoki WebGPU haqida hech qanday gap yo'q. Ya'ni bu texnologiya, odatda, faqat Nvidia'ning RTX kartalari va rasmiy dasturiy ta'minoti bilan "qamalgan". MAAN esa oshkor qilingan DLSS 5 kutubxona faylidan model og'irliklarini chiqarib olib, neyron tarmoqni WebGPU compute shader'lari yordamida noldan qayta yaratdi. Eng qizig'i — endi u har qanday kartada ishlaydi Bu port'ning eng katta yutug'i shunda: u endi faqat Nvidia RTX kartalariga bog'liq emas — AMD va Intel videokartalarida, hattoki macOS'da ham ishlaydi. Interaktiv demo turli tayyor sahnalar bilan birga keladi, sozlamalarni o'zgartirish va natijalarni yonma-yon solishtirish imkonini beradi. Lekin hali "o'yinchoq" bosqichida Sehr yo'q — bu hali real vaqtda o'ynash uchun yaroqli emas: har bir kadrni qayta ishlash uchun taxminan 2 soniya vaqt ketadi. Ya'ni bu hozircha faqat texnologiyani ko'rsatish va solishtirish uchun demo, o'yinlarda foydalanib bo'lmaydi. MAAN kelajakda manba kodini GitHub'da e'lon qilishni rejalashtirmoqda. Nega bu muhim? Bu voqea shuni ko'rsatadiki, ishtiyoqli mustaqil dasturchilar sun'iy intellekt asosidagi ilg'or texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyaning "qamoqxonasidan" chiqarib, boshqa uskunalarga moslashtira olishadi. Balki kelajakda bunday neyron-asoslangan render texnologiyalari haqiqatan ham barcha videokartalarda, brend farqisiz ishlaydigan bo'lib qoladi — hozircha esa bu qiziqarli va ilhomlantiruvchi bir tajriba bo'lib qolmoqda.